Vladimir Putin haqiqatan ham Ukraina va uning g‘arbiy ittifoqchilarining 30 kunlik otashkesim haqidagi taklifiga javob berishi kerak edi, deydi siyosatshunos Vladimir Fesenko. "Ammo bu reaksiya biz yoki Yevropa yetakchilari uchun emas, balki Donald Tramp uchun. Chunki uning e’tibori uchun o‘yin boshlandi va Putin uchun Tramp bilan muzokaralar istiqbolini saqlab qolish juda muhim", - deya ta’kidlaydi ekspert.
Fesenkoning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti 2022-yilda keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan so‘ng darhol muzokaralarga ishora sifatida Istanbulni ataylab muzokaralar uchun taklif qilgan, bu yerda Kreml amalda Ukrainaning taslim bo‘lishini talab qilgan. "Putin mantig‘iga ko‘ra, bu muzokaralar Rossiya shartlari asosida olib borilishi kerakligini eslatishi kerak", - deydi siyosatshunos.
Shunday qilib, Putin Ukrainani amalda tuzoqqa ilintirmoqda, chunki u AQShning muzokaralari va yordamini rad eta olmaydi, deya qayd etadi Fesenko. Ukrainalik ekspertlarning fikricha, rasmiy Kiyev vaziyatni o‘z foydasiga burish uchun hamma narsani qilishi kerak. "Biz Istanbuldagi muzokaralar formatini kengaytirishni talab qilishimiz kerak, chunki gap Yevropa xavfsizligi haqida ketmoqda", - deydi Ukraina "Meridian" jamoatchilik tadqiqot markazi direktori Dmitriy Levus.
Agar rossiyaliklar Istanbuldagi muzokaralarda muvaffaqiyasizlikka uchrasa, AQSh prezidenti Donald Trampning chekinishga imkoni qolmaydi, deb hisoblaydi “Ukraina Prizma” tahliliy markazi eksperti Aleksandr Krayev. "U rossiyaliklarga bosim o‘tkazishi kerak bo‘ladi, chunki aks holda u zaif ko‘rinadi. Hozirgi bosqichda u bu muzokaralar boshlanishiga va ularning muvaffaqiyatiga haddan tashqari ko‘p narsa tikdi - ham o‘z qiyofasida, ham o‘z siyosatida, hatto iqtisodiy jihatdan", - dedi Krayev DW nashriga bergan intervyusida.