Turkiyaning Bodrum shahrida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 36 yoshli M.S. uyiga ketish uchun mingan avtomobilda ikki erkakning jinsiy tajovuziga uchradi. Bu haqda bugun, 19 mart kuni “Sözcü” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 36 yoshli O‘zbekiston fuqarosi M.S. Mug‘la viloyatining Bodrum tumanidagi Yalikavak mahallasi Go‘kchebel hududida yo‘l chetida yo‘nalishli taksi kutib turgan bo‘lgan. Yoniga to‘xtagan avtomobildagilar uni boradigan joyiga olib borib qo‘yishini aytgach, mashinaga chiqqan. Biroq avtomobil uning Turkbuku mahallasidagi uyiga emas, qurilish maydoniga qarab harakatlangan.
M.S.ning aytishicha, mashinadagilar uni qurilish joyiga olib borib, o‘lim bilan tahdid qilgan va zo‘rlagan. Zo‘ravonlik paytida erkaklardan biri videoga olgan va shikoyat qilsa, tasvirlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan tahdid qilgan. Voqeadan so‘ng jinoyatchilar M.S.ning sumkasi, telefoni va pulini olib qochib ketgan. Qurilish maydonidan chiqishga muvaffaq bo‘lgan M.S. yaqin atrofdagi bir uyga borib yordam so‘ragan. Hodisa haqida xabar berilgach, voqea joyga kelgan tez yordam xizmati xodimlari uni Bodrum davlat shifoxonasiga olib borgan. Polisiya esa voqeani sodir etganlarni topish uchun kuzatuv kameralarini tekshirishni boshlagan va tergov ishlarini boshlagan. Bodrum Ayollar birdamlik platformasi voqea yuzasidan bayonot bergan.
“Bu hujum bevosita barcha ayollarga qilingan hujumdir. Aybdorlar zudlik bilan qo‘lga olinishi va eng og‘ir jazoga tortilishi kerak. Biz oxirigacha kuzatib boramiz”, deyiladi bayonotda.