Turkiyada Istanbul meri, muxolifatchi siyosatchi Ekrem Imamog‘lu hibsga olinganidan so‘ng ommaviy norozilik namoyishlari to‘xtamayapti. U 19 mart kuni korrupsiya va taqiqlangan "Kurdiston ishchilar partiyasi" bilan aloqalarda ayblanib qo‘lga olingan. Muxolifat mazkur ishni siyosiy sabablarga asoslangan deb baholamoqda.
Imamog‘lu 2028 yilgi prezidentlik saylovlarida Rajab Toyyib Erdog‘anning asosiy raqibi sifatida ko‘rilmoqda. Dastlabki hibs muddati yakshanba kuni tugaydi, shuning uchun bugun kechqurun u sud oldida javob beradi. Imamog‘luning qamoqda qolishi yoki ozodlikka chiqishi masalasi bugun hal bo‘ladi.
Imamog‘luning “Jumhuriyat xalq partiyasi” odamlarni norozilik namoyishlariga chiqishga chaqirmoqda. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, agar u ozod etilmasa, namoyishlar yanada kuchayishi mumkin.
Hafta oxirida Turkiya hukumati xavfsizlik choralarini kuchaytirdi. Adliya vaziri Yilmaz Tunch "yig‘ilish erkinligi — bu asosiy huquq" ekanini ta’kidlagan holda, "tergov davomida namoyishlarga chaqiriqlar noqonuniy va qabul qilinmaydi", deya fikr bildirdi.
Turkiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan kecha namoyishlar davomida polisiya xodimlari 340 nafardan ortiq kishini qo‘lga olgan.