Turkiyada rekord darajadagi narxlar oshishi va bo‘sh turgan kvartiralar sonining ko‘payishi fonida ijarachilar soni ortib bormoqda, deb xabar beradi Kazinform.
Oxirgi 10 yil ichida Turkiyada uy egalarining ulushi 61,1 foizdan 56,1 foizga kamaygan, ijarachilar soni esa 22,1 foizdan 28 foizga oshgan. Turkiyaning Karar gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda mamlakatda 24 milliondan ortiq kishi ijaraga uy-joy olishga majbur.
Mutaxassislar bunday o‘zgarishlarning bir nechta asosiy sabablarini ko‘rsatmoqdalar: ko‘chmas mulk narxlarining ko‘tarilishi, yuqori ipoteka stavkalari va uy-joyga spekulyativ investisiyalar.
2015 yildan beri Turkiyada ko‘chmas mulk narxlari 1815 foizga oshdi. Bu Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 18 barobar ko‘pdir. Xuddi shu davrda ijara haqi ham 12 barobar oshdi.
Masalan, 2015 yilda 500 ming Turkiya lirasiga baholangan kvartira hozir 9,6 million liraga (taxminan 250 ming AQSh dollariga) teng. Bunday uy-joylarning oylik ijarasi 2,5 ming liradan 32,5 ming liraga (taxminan 850 dollar) oshdi.
2015 yildan 2024 yilgacha mamlakatda 6,94 million yangi kvartira qurilgan bo‘lsa-da, ularning atigi 5,31 millioni sotilgan. Qolgan 1,63 million xonadon hamon bo‘sh.
Bu muammo, ayniqsa, yirik shaharlarda keskin. U yerda elita turar-joy binolari sarmoyaviy maqsadlarda sotib olinadi - ular qayta sotiladi yoki yuqori narxlarda ijaraga beriladi. Millionlab oddiy fuqarolar uchun esa kvartira sotib olish u yoqda tursin, ijaraga olish ham qiyinlashib bormoqda.
Mutaxassislar Turkiyada uy-joy bozorida ijtimoiy taranglik kuchayib borayotganini, uy-joylarning keng doiradagi insonlar uchun ochiq bo‘lishi uchun tizimli yechimlar zarurligini ta’kidladi.