Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Odessaning Chernomorsk portida turk yuk kemasiga berilgan raketa zarbasiga munosabat bildirdi.
Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilgan.
Unda ta’kidlanishicha, Rossiya-Ukraina urushi Qora dengizdagi kemalar xavfsizligiga tahdid solmoqda.
"Ukrainaning Chernomorsk portiga kecha (12 dekabr) uyushtirilgan hujum natijasida turk shirkatiga tegishli xorij bayrog‘i ostidagi kemaga yetkazilgan zarar dengiz xavfsizligi va navigasiya erkinligi bo‘yicha ilgari bildirgan xavotirlarimiz asosli ekanligini tasdiqlaydi, chunki mintaqamizda davom etayotgan urush Qora dengizga tarqalmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kema bortidagi ekipaj va yuk mashinasi haydovchilari evakuasiya qilinmoqda, hujum oqibatida Turkiya fuqarolari jabrlanmagan. Odessadagi Bosh konsulligimiz voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib boradi va fuqarolarimizga kerakli yordamni taqdim etadi.
Shu munosabat bilan biz Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tezda tugatish muhimligini yana bir bor ta’kidlaymiz va Qora dengizda navigasiya xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishish zarurligini yana bir bor ta’kidlaymiz, shuningdek, kuchayishning oldini olish uchun har ikki tomon ham energetika va port infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatishi zarur”, — deyiladi TIV xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaning Odessa viloyatidagi Chernomorsk portida turk kompaniyasining yuk kemasi Rossiya raketa zarbasiga uchragan edi.