Joriy yil boshidan buyon Turkiya qiymati taxminan 4 mlrd dollarga teng bo‘lgan 57 mln barrel neft zaxirasini aniqladi. Mamlakat endi o‘z ehtiyojlarini qoplash uchun ichki manbalarga ko‘proq suyana boshlamoqda.
Turkiya energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraqtar 30 iyul kuni bir necha mintaqa — Diyorbakr, Gabar va Botmanda katta miqdorda yangi neft konlari aniqlanganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, topilgan 57 mln barrellik zaxiralar 4 mlrd dollarga teng.
Vazirning ta’kidlashicha, dengizda olib borilgan geologik qidiruv ishlari natijasida Qora dengizning Go‘ktepe-3 qudug‘ida 75 mlrd kub metr tabiiy gaz zaxirasi topilgan. Bu miqdor Turkiyaning 1,5 yillik gaz ehtiyojini qoplash uchun yetarli.
Bayraqtar Turkiyaning neft va gazga bo‘lgan tashqi qaramligini kamaytirish rejalari haqida to‘xtalar ekan, qit’ada ham qidiruvlar faol davom etayotganini, yil oxiriga qadar yana yangi zaxiralar aniqlanishi mumkinligini bildirdi. Uning qayd etishicha, ayniqsa Diyorbakr mintaqasida 600 km² maydonda 4–6 mlrd barrellik slanes nefti va gazi zaxirasi mavjud bo‘lishi mumkin.
Ushbu hududda Turkiya AQSh kompaniyalari bilan hamkorlikda neft qazib chiqarishni rejalashtirmoqda. Hozirda 24 ta vertikal va gorizontal quduq qazish rejasi bor. Bismila shimolida joylashgan maydonda 350 mln barrellik neft zaxirasi bor deb baholanmoqda — bu hajm Gabardagi konlar bilan teng.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda Turkiya kuniga 127 ming barrel neft qazib olgan, biroq deyarli 1 mln barrelga teng neft va neft mahsulotlarini import qilgan. Uning importining katta qismi (uchdan ikki qismi) Rossiyadan olingan neft va neft mahsulotlari hisobiga to‘g‘ri kelgan.