Turkiya Milliy razvedka tashkiloti rahbari Ibrohim Kalin, XAMAS vakillari bilan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining bajarilishini muhokama qildi.
Bu haqda Turkiyaning NTV telekanali razvedka idorasidagi manbalarga tayanib xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Kalin Istanbulda Xalil al-Hayya boshchiligidagi XAMAS siyosiy byurosi delegasiyasi bilan uchrashgan. Falastin harakati vakillari Isroil tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganini ma’lum qildi.
Uchrashuvda, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda G‘azo tinchlik rejasining keyingi bosqichlarini amalga oshirish va Falastin anklavidagi aholiga gumanitar yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.
29 sentyabr kuni Oq uy AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azodagi mojaroni hal qilishga qaratilgan "keng qamrovli rejasi"ni e’lon qildi. Hujjat 20 banddan iborat bo‘lib, boshqa narsalar qatori, Falastin anklavida vaqtinchalik tashqi boshqaruvni joriy etish va xalqaro barqarorlik kuchlarini joylashtirishni nazarda tutadi. 9 oktyabr kuni mojaro tomonlari ushbu rejaning birinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzoladi. 10 oktyabr kuni G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirdi.