Bugun 12 iyun, 2026 yil, juma

КИР

Turkiya MICE turizmida jahonning yetakchi markazlaridan biriga aylandi

Turkiya MICE turizmida jahonning yetakchi markazlaridan biriga aylandi

So‘nggi yillarda Turkiya xalqaro konferensiyalar, forumlar, sammitlar va ko‘rgazmalarga mezbonlik qiluvchi dunyoning eng nufuzli MICE yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Zamonaviy infratuzilma, qulay transport imkoniyatlari, yuqori saviyadagi mehmondo‘stlik xizmatlari va boy sayyohlik resurslari mamlakatning bu boradagi jozibasini yanada oshirmoqda.

2025 yilda Turkiyada o‘tkazilgan Yevropa Kengashining Madaniy yo‘nalishlar bo‘yicha 14-yillik maslahat forumi, PATA yillik sammiti va Trip.com Global sammiti kabi yirik anjumanlar mamlakatning MICE turizmidagi salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.

Turkiya 2026 yilda ham ushbu yo‘nalishdagi mavqeini mustahkamlashda davom etmoqda. Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq chorrahasida joylashgan mamlakat strategik geografik o‘rni, zamonaviy kongress markazlari, rivojlangan aviaqatnov tarmog‘i va xavfsiz muhiti bilan xalqaro tadbirlar uchun qulay sharoit yaratadi. Xususan, 7–8 iyul kunlari Anqarada bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti hamda 9–20 noyabr kunlari Antaliyada o‘tkaziladigan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha COP31 konferensiyasi dunyo hamjamiyati e’tiborini yana Turkiyaga qaratadi. Shuningdek, Istanbulda UEFA Yevropa Ligasi final uchrashuvi, futbol, velosport, golf va yelkanli sport bo‘yicha qator xalqaro musobaqalarning o‘tkazilishi mamlakatning jahon sport va tadbirlar xaritasidagi o‘rnini yanada yuksaltirmoqda.

Istanbul — xalqaro tadbirlar markazi

Asrlar davomida savdo, ilm-fan va madaniyat markazi sifatida shakllangan Istanbul bugungi kunda dunyoning yetakchi MICE yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Yevropa va Osiyoni bog‘lab turuvchi ushbu megapolis Istanbul va Sabiha Go‘kchen aeroporti orqali yuzlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarga ega bo‘lib, xalqaro delegasiyalar uchun qulay va samarali logistika imkoniyatlari bilan ajralib turadi.

Istanbuldagi xalqaro anjumanlar YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy obidalar, muzeylar, zamonaviy san’at markazlari, Michelin restoranlari, jonli tungi hayot va eksklyuziv tadbirlar bilan uyg‘unlashib, ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar baxsh etadi.

ICCAning 2025 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, shaharda o‘tkazilgan xalqaro kongresslar soni 2024 yilga nisbatan 10 foizga oshgan. 2026 yilda Istanbulda o‘tkazilishi rejalashtirilgan ikkita yirik tibbiyot kongressi qariyb 13,5 ming nafar ishtirokchini jamlashi kutilmoqda.

Antaliya — O‘rta Yer dengizi bo‘yidagi biznes va dam olish maskani

Antaliya nafaqat Turkiyaning turizm poytaxti, balki MICE yo‘nalishidagi muhim markazlardan biridir. Turk Riviyerasining yuragida joylashgan bu shahar 300 dan ortiq besh yulduzli mehmonxona va 175 mingdan ziyod kongress sig‘imi bilan yirik xalqaro tadbirlarni o‘tkazish imkoniyatiga ega.

Antaliya zamonaviy konferensiya infratuzilmasini O‘rta Yer dengizining betakror tabiati bilan uyg‘unlashtiradi. Moviy bayroq sohillari, golf maydonlari, SPA markazlari, boy gastronomik an’analar hamda qadimiy Likiya, Pamfiliya va Pisidiya hududlariga olib boruvchi tarixiy yo‘nalishlar shaharning jozibasini yanada oshiradi.

Turkiyaning boshqa shaharlari ham xalqaro biznes va tadbirlar turizmi uchun keng imkoniyatlarga ega. Bodrum hashamatli sayohatlar markazi sifatida tanilib, yuqori darajadagi kurortlar, xalqaro gastronomiya va mashhur “moviy sayohatlar” bilan sayyohlarni o‘ziga jalb etadi.

Izmir esa Egey mintaqasining biznes va zamonaviy hayot markazi sifatida rivojlanib, ilg‘or infratuzilma, YUNESKO merosi ob’ektlari hamda gastronomiyasi bilan ajralib turadi. Kappadokiya esa betakror tabiiy manzaralari, g‘or mehmonxonalari va havo sharlari bilan korporativ tadbirlar hamda maxsus uchrashuvlar uchun noyob va ilhomlantiruvchi muhit yaratadi.

Kiritildi: Bugun 20:09. O'qildi: 224 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!