Turkiya Indoneziyaga 48 ta mahalliy beshinchi avlod “KAAN” qiruvchi samolyotlarini eksport qilishini ma’lum qildi, deb xabar beradi TRT axborot agentligi.
“Bu juda muhim va quvonarli yutuq. Umid qilamanki, milliy mudofaa sanoatimiz taraqqiyoti va mavjud imkoniyatlarini ko‘rsatuvchi ushbu kelishuv ham Turkiya, ham Indoneziya uchun foydali bo‘ladi”, — dedi Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an o‘zining “X” platformasida.
Prezident Turkiya tarixidagi “rekord eksport kelishuvi”ni amalga oshirgani uchun Mudofaa sanoati va Turk Aerokosmik sanoati va bu jarayonda ishtirok etgan barcha muassasalarni tabrikladi.
Qayd etish joizki, beshinchi avlod “KAAN” qiruvchi samolyoti radarlardan qochish imkoniyatiga ega bo‘lib, har biri 13 000 kilogramm quvvat bilan ishlaydigan ikkita dvigatellar bilan jihozlangan. Ushbu imkoniyatlar tufayli samolyot 1,8 Mach tezlikka erisha oladi. Turk aerokosmik sanoati, shuningdek, sun’iy intellekt, ilg‘or sensor tizimlari va uchuvchisiz havo vositalari bilan ishlash qobiliyatini o‘zida mujassam etgan oltinchi avlod modelini ishlab chiqyapti.