Evropa Ittifoqi xavfsizlik, qurollanish va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalalarida Turkiyaning yordamiga har qachongidan ham ko‘proq muhtoj. Bu haqda Britaniyaning The Economist gazetasi tahliliy maqolasida yozadi.
Mudofaa sektorida Turkiya cheklangan manbalar bilan ham ta’sirchan natijalar ko‘rsatdi va mudofaa sanoati haqiqiy bumni boshdan kechirmoqda.
Mamlakatda Evropaning o‘q-dorilarga bo‘lgan talabining kamida bir qismini qondirishga qodir sanoat bazasi mavjud. The Economist'ning qayd etishicha, Turkiya Yevropa mudofaasida NATO doirasida ham, undan tashqarida ham muhim rol o‘ynashi mumkin. Masalan, Baykar va italiyalik Leonardo o‘rtasidagi hamkorlik, shuningdek , Altay tanki va beshinchi avlod Kaan qiruvchi samolyotlari loyihalari.
Turk kompaniyalari uchun Yevropa bilan mudofaa sohasida va Ukraina masalalarida hamkorlik qilish mantiqiy va foydali ko‘rinadi. Bu Yevropa Ittifoqi kelgusi yillarda mudofaa uchun sarflashni rejalashtirgan yuzlab milliard yevroga kirish imkonini beradi. Anqara ham Ukrainadagi yetakchi sarmoyador hisoblanadi va uning tinchlikparvar ishtiroki turk pudratchilari uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Maqola mualliflari, shuningdek, AQSh prezidenti Donald Trampning siyosati ko‘plab global jarayonlarni sezilarli darajada o‘zgartirganini ta’kidlab, “ Turkiya o‘zgarmadi, qolgan hamma narsa o‘zgardi. To‘satdan Donald Tramp Amerikasi bilan solishtirganda Turkiya ishonchli ittifoqchi bo‘lib ko‘rinadi ”.
Maqolada ta’kidlanishicha, Rossiya bilan bog‘liq xavotirlar fonida Bryussel Turkiya pozisiyasini tobora ko‘proq tushunib, qabul qila boshlagan. Endi mafkuraviy tafovutlar emas, amaliy manfaatlar birinchi o‘rinda turadi - bu Ukraina uchun ham, Yevropa mudofaasi uchun ham yaxshi yangilik.