Bugun 10 avgust, 2025 yil, yakshanba

КИР

Turkiya YEIga kirish rejasidan qaytmagan

Turkiya YEIga kirish rejasidan qaytmagan

Evropa xavfsizligini Turkiyasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, Anqara mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayoni rivojlanishiga umid qilmoqda, dedi Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an.

– Biz YEIga qo‘shilish jarayonini strategik ustuvor vazifa sifatida bilamiz, – dedi u xorijiy elchilar bilan uchrashuvda. – Yevropa Turkiyasiz global kuch sifatida namoyon bo‘lishi tobora imkonsiz ko‘rinmoqda.

EI bilan viza tartibini soddalashtirish yuzasidan 66 mezon bo‘yicha ish yakunlandi, yana 6 ta band qoldi, degandi tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan avvalroq. Uning so‘zlariga ko‘ra, vizani liberallashtirishga hali erishilgani yo‘q, Anqara turk fuqarolari Shengen vizasini olish jarayonida duch keladigan to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha ishni davom ettirmoqda.

Turkiya 1963 yil Yevropa Ittifoqi – o‘sha paytdagi Yevropa iqtisodiy hamjamiyati bilan assosiasiya shartnomasini imzolagan va 1987 yil ittifoqqa a’zolik uchun ariza bergan. Mamlakatni tuzilmaga qabul qilish bo‘yicha muzokara esa 2005 yildagina boshlangan va muayyan kelishmovchilik tufayli bir necha bor to‘xtatilgan. Hozir kelishiladigan hujjatlar to‘plamining 35 bobidan 16 tasi ochiq.

Avvalroq Erdog‘an, lozim bo‘lsa, Turkiya va YEI “yo‘llarini ajratishi” mumkinligini ham aytgan.

Shuningdek, Turkiya yetakchisi mamlakatda akkreditasiyadan o‘tgan xorijiy elchilar bilan suhbatda Ukrainadagi vaziyatga ham to‘xtalib, shunday dedi:

– Mojaroni Rossiya yoki Ukrainasiz hal qilishning iloji yo‘q, tomonlardan biri e’tiborsiz qoldiriladigan formula muvaffaqiyat keltirmaydi. Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. Shu bilan birga Rossiya yoki Ukrainasiz qulay yechimni topib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz. Biz inqirozdan chiqish yo‘lini topishga harakat qildik, urush sharoitiga qaramay, muzokara va murosa yo‘lini tanlash mumkinligini ko‘rsatdik. Hozir esa shunday yondashuv qanchalik hayotiy va ishonchli ekanini hamma ko‘rib turibdi.

Kiritildi: 18:15 04.03.2025. O'qildi: 947 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!