AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus elchisi sifatida tanlagan iste’fodagi general Kit Kellog yanvar oyi boshida bir necha yevropa poytaxtlariga, jumladan Kiyevga ham tashrif buyurishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda Reuters agentligi. Ta’kidlanishicha, Kellogning Moskvaga tashrif buyurishi hozircha rejada yo‘q.
Agentlikning manbalariga ko‘ra, Kellog Kiyevda Ukraina rahbariyati bilan uchrashishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, uning jamoasi Parij va Rimda yuqori lavozimli siyosatchilar bilan muloqot qiladi. Bu uchrashuvlar asosan AQShning yangi ma’muriyati uchun ma’lumot yig‘ishga qaratilgan, Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha faol muzokaralar olib borish maqsad qilinmagan, deb ta’kidlashdi nashr manbalari.
Tramp 80 yoshli Kit Kellogni tinchlik rezolyusiyasi masalalari bo‘yicha maxsus elchi sifatida tanlashini noyabr oyida e’lon qilgan edi. Kellog ishga kirishishi uchun uning nomzodi Senat tomonidan tasdiqlanishi kerak, biroq Senatda republikachilar ko‘pchilikni tashkil qilishini inobatga olsak, Tramp uchun bu jarayonda muammolar bo‘lmaydi, deb yoziladi maqolada.