AQSh prezidenti Donald Tramp «Trut Soshial» ijtimoiy tarmog‘ida Vashington yaqinidagi Endryus harbiy-havo bazasida Xitoy rahbari Si Szinpin bilan qizil gilam ustida turgan suratini joylashtirdi.
Biroq mutaxassislar surat sun’iy intellekt yordamida tahrirlangan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Dreksel universiteti ma’lumotlar tahlili bo‘yicha mutaxassisi Mettyu Stamm «Frans Press» agentligiga bergan intervyusida suratda generativ sun’iy intellektga xos izlar «deyarli aniq» ko‘rinayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp joylashtirgan tasvirda prezident ko‘k galstuk va faqat bir qo‘lqopda ko‘rsatilgan. Ommaviy axborot vositalari tarqatgan avvalgi surat va videolarda esa Tramp chiziqli galstuk taqqan va ikki qo‘liga ham qo‘lqop kiygan. Mutaxassis, shuningdek, surat orqa fonidagi ayolning poyabzali ham boshqacha ekanini qayd etgan.
Avvalroq Trampning Si Szinpin bilan uchrashuvi paytida sovuqdan qiynalayotgani aks etgan surat va videolar tarqalgan edi. Ayrim sharhlovchilar prezidentning harorat taxminan 18 daraja bo‘lgan sharoitda qo‘lqop va palto kiyganiga e’tibor qaratgan.