AQSh prezidenti Donald Tramp va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy telefon orqali suhbatni yakunladi. Bu haqda Amerika rahbari Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib, suhbat "juda yaxshi o‘tgani"ni ma’lum qildi.
"Hozirgina Ukraina prezidenti Zelenskiy bilan juda samarali telefon suhbati bo‘lib o‘tdi. U taxminan bir soat davom etdi. Suhbatning asosiy qismi Rossiya va Ukrainaning talab va ehtiyojlarini muvofiqlashtirish maqsadida kecha RF prezidenti Vladimir Putin bilan o‘tkazilgan muzokaraga asoslandi," deya ta’kidladi Tramp.
Amerika rahbarining aytishicha, u AQSh davlat kotibi Marko Rubio va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uoltsdan muhokama qilingan masalalarning batafsil tavsifini berishni so‘ragan. Yaqin vaqt ichida tegishli bayonot e’lon qilinadi.