AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp milliarder investor Stiven Faynbergni Pentagon rahbari o‘rinbosari lavozimiga taklif qildi.
Bu haqda Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozgan.
"Stiven Faynberg mudofaa vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi va Pentagonni yana buyuk qilishga yordam beradi", — deb yozgan Tramp. U Faynbergni "juda muvaffaqiyatli biznesmen" deb atadi va ilgari AQSh mudofaa vaziri lavozimiga nomzodi ilgari surilgan Pit Xegset bilan hamkorlik qilishini ta’kidladi.
64 yoshli Stiven Faynberg Prinston universitetini tamomlagan. 1992 yilda u Cerberus Capital Management xususiy investisiya kompaniyasiga asos solgan, keyinroq Trampning davlat rahbari sifatidagi birinchi muddatida Prezident huzuridagi razvedka bo‘yicha maslahat kengashini boshqargan. Amerikaning Forbes jurnali Faynbergning boyligini 5 milliard dollarga baholagan.
Investor Tramp o‘z ma’muriyatida yuqori lavozimga ko‘rsatgan 11-milliarderga aylanadi.