AQSh prezidenti Donald Tramp Ilon Maskning davlat xizmatidan ketishi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, Rossiyaning Ukraina shaharlariga uyushtirgan hujumlaridan hafsalasi pir bo‘lganini yana bir bor bildirdi.
"Men shaharlar, masalan, Kiyev raketalar bilan hujumga uchraganida juda hayratda qoldim, ayniqsa, muzokaralar yakunlanishga yaqin deb hisoblaganimda bu yomon harakat bo‘ldi. Biz bu muammoni hal qilmoqchi edik, ammo kutilmaganda raketalar bir necha shaharga tushdi va odamlar halok bo‘ldi. Shuning uchun mening bundan hafsalam pir bo‘ldi", — dedi Tramp.
Biroq AQSh prezidenti jurnalistning "Siz Putinni yaxshi odam deb hisoblaysizmi yoki yomon odam?", degan savoliga bevosita javob bermadi.
Undan "Sizning ma’muriyatingiz o‘ta qaysar Vladimir Putin bilan qanday kurashmoqda?", deb so‘ralganida esa, Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy nomini tilga olib, "u ham qaysar", deya javob berdi.