AQSh prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu qariyb ikki soat davom etgan uchrashuvda G‘azo, Suriya, Eron va tariflarni muhokama qildi.
Tramp yana bir bor G‘azo sektori “erkin hudud”ga aylanishi mumkinligini e’lon qilib, uni nazorat ostiga olish g‘oyasini ilgari surdi, deb yozadi NBC News.
“Menimcha, bu ko‘chmas mulkning juda muhim shakli. Bu biz ishtirok etishimiz mumkin bo‘lgan narsa, lekin bilasizmi, u yerda AQSh kabi G‘azo sektorini nazorat qiladigan va unga egalik qiladigan tinchlikparvar kuchlar bo‘lsa yaxshi bo‘lardi”, – dedi Donald Tramp.
Tramp, shuningdek, Suriyadagi ta’sir uchun mojaroga tayyor bo‘lgan Isroil va Turkiya o‘rtasida vositachilik qilishi mumkinligini aytdi, deb yozadi The Times of Israel.
Amerika yetakchisi Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan yaxshi munosabatda ekanligini, uni juda yaxshi ko‘rishini va uni “juda aqlli” deb bilishini aytdi.
Prezident Tramp shanba kuni AQSh Eron bilan yadroviy kelishuvni muhokama qilish uchun "to‘g‘ridan-to‘g‘ri" muzokaralar o‘tkazishini aytdi. Biroq, Eron rasmiylarining aytishicha, reja Ummon diplomatlarini vositachi sifatida ishlatishni o‘z ichiga oladi, deb yozadi The New York Times.
Tramp Netanyaxu bilan uchrashuvdan so‘ng o‘z rejalarini ma’lum qildi va agar muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, Eron “jiddiy xavf ostida” qolishini ta’kidladi.
Tramp va Netanyaxu, shuningdek, chorshanba kuni kuchga kiradigan Isroildan import qilinadigan AQShning yangi 17% tariflarini muhokama qildi, deya xabar beradi CBS News.
Netanyaxuning aytishicha, Isroil tez orada o‘z mamlakatining AQSh bilan savdo kamomadini hal qiladi.
“AQSh bilan savdo kamomadini bartaraf qilamiz. Biz buni juda tez amalga oshirish niyatidamiz. Biz buni to‘g‘ri deb hisoblaymiz. Biz savdo to‘siqlarini ham yo‘q qilamiz”, – dedi Binyamin Netanyaxu.
Bu Netanyaxuning yanvar oyida Tramp prezidentlikka kelganidan beri Oq uyga ikkinchi tashrifi. Avvalroq, Isroil bosh vaziri fevral oyi boshida AQShga tashrif buyurgan edi. XAMAS va Isroil o‘rtasidagi sulh ularning so‘nggi uchrashuvidan beri buzildi.