Bugun 22 iyun, 2025 yil, yakshanba

КИР

Tramp uchun noqulay haqiqat: yangi soliq qonuni nimasi bilan g‘alati?

Tramp uchun noqulay haqiqat: yangi soliq qonuni nimasi bilan g‘alati?

Harvard universiteti professori, sobiq XVJ bosh iqtisodchisi Kennet Rogoff Donald Trampning yangi soliq va xarajatlar bo‘yicha qonunini keskin tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, «katta va go‘zal» deb ta’riflanayotgan mazkur tashabbus Amerika iqtisodiyotidagi eng jiddiy muammolarni chuqurlashtirishi mumkin.

Rogoffning Project Syndicate nashrida yozgan maqolasida ta’kidlashicha, bu qonun loyihasi fiskal tartibga solishga yordam bermaydi. Aksincha, davlat xarajatlari va soliq tushumlaridagi mutanosiblikni yo‘qotgan holda, AQSh byudjeti kamomadini YAIMning 7 foizi darajasiga olib chiqishi mumkin. Bu — pandemiya, moliyaviy inqiroz yoki yangi urushlarsiz ham xavfli ssenariy.

Uning hisoblashicha, davlat qarzi hozirda YAIMning 122 foiziga teng. Uning katta qismi yaqin oylarda qayta moliyalashtirilishi lozim. Shu paytgacha AQSh obligasiyalari «tinch go‘sha» sifatida ko‘rilgan bo‘lsa-da, endi bozor ishonchining so‘nishi ro‘y berishi mumkin.

Daromaddorlik o‘sishi ortidan foiz to‘lovlari katta sur’at bilan oshmoqda — bugungi kunda hatto AQSh mudofaa byudjeti xarajatlaridan oshib ketgan. Rogoff buni davlat siyosatidagi muvaqqat g‘alabalarni doimiy iqtisodiy foyda sifatida qabul qilmaslik kerakligini uqtiradi.

Professorning fikricha, Tramp iqtisodiy pragmatik bo‘lsa-da, siyosiy realist sifatida jamoatchilikka ma’qul keladigan fiskal ekspansiyani tanlamoqda. «Jamoa tanqidlarga tayyor emas, ular «qattiq kamarbastalik» siyosatini qabul qilmaydi», — deydi Rogoff.

U Tramp tarafidan taklif etilayotgan kam soliq — katta o‘sish g‘oyasini ham rad etadi. Reygan davridagi tarixiy tajriba shunga guvoh: soliqlar pasaytirilganda kamomad o‘sgan, iqtisodiy o‘sish esa kutilgan darajada kuzatilmagan.

Rogoff so‘zlariga ko‘ra, foiz stavkalari yuqorilashishi ehtimoli katta. Agar Tramp Federal zaxira tizimidan stavkalarni tushirishni talab qilsa ham, inflyasiya xavfi sabab bu siyosat amalga oshmaydi. Iqtisod resessiyaga tushmasa, stavka pasaytirilishi ehtimoli juda past.

Shu bilan birga, geosiyosiy beqarorlik, global qarz portfelining kattalashishi, populist xarajatlar va energetika resurslariga talab kabi omillar ham stavka o‘sishiga turtki beradi. «Agar Tramp AQShni iqtisodiy jihatdan izolyasiya qilsa, tashqi investisiya oqimi pasayadi, bu esa ichki bozorda yanada yuqori foizlar yuzaga kelishiga olib keladi», — deydi u.

Rogoffning xulosa qilishicha, foiz stavkasi, inflyasiya va suveren qarz muammosi uzoq muddatli xavfni vujudga keltirmoqda. Tramp bu real haqiqatni qanchalik rad etishga urinishidan qat’i nazar, iqtisodchilar va investorlar uchun bu «noqulay haqiqat» baribir kun tartibidan tushmaydi.

Kiritildi: 18:03 10.06.2025. O'qildi: 614 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!