Kambodja Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Tailand qo‘shinlari hali bombardimonlarni to‘xtatgani yo‘q.
O‘z navbatida, Tailand bosh vaziri Anutin Charnvirakul AQSh prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan suhbatdan so‘ng Bangkokda jurnalistlarga chegara mojarosida hech qanday sulhga erishilmaganini, Kambodja birinchi bo‘lib o‘t ochishni to‘xtatishi kerakligini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, aynan Kambodja o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni birinchi bo‘lib buzgan.
8 dekabr kuni Tailand va Kambodja o‘rtasidagi chegara mojarosi qayta boshlangan edi. Tailand armiyasi Kambodjaning bir necha hududlaridagi harbiy ob’ektlarga havo zarbalari bergan. Har ikki davlat bir-birini sulhni buzishda ayblagandi.
12 dekabr kuni Donald Tramp Tailand va Kambodja bosh vazirlari bilan telefon orqali suhbatlashganidan so‘ng ular jangovar harakatlarni to‘xtatishga rozi bo‘lganini ma’lum qilgan edi.
Tailand va Kambodja o‘rtasida taxminan 100 yildan beri davom etayotgan ushbu mojarodagi avvalgi keskinlashuv shu yilning yozida yuz bergandi. Oktyabr oxirida Tailand va Kambodja AQSh vositachiligida uzoq muddatli tinchlikni ta’minlashga qaratilgan tinchlik bitimini imzolagandi.