AQSh prezidenti Donald Tramp ijro farmonini imzoladi, bu farmonga ko‘ra AQSh bosh prokurori Pem Bondiga 1977 yilda qabul qilingan "Chet eldagi korrupsiya amaliyoti to‘g‘risida"gi qonun (Foreign Corrupt Practices Act, FCPA) ijrosini to‘xtatib qo‘yish huquqi berildi.
Bu haqda Financial Times xabar bermoqda.
Mazkur qonun Amerika kompaniyalari va fuqarolariga xorijda o‘z biznes manfaatlarini ilgari surish maqsadida chet ellik amaldorlarga pora berishni taqiqlaydi.
Trampning fikricha, FCPA'ning qo‘llanilishini to‘xtatish "Amerika uchun kattaroq biznes imkoniyatlarini" yaratadi. Oq uy rahbarining ta’kidlashicha, boshqa mamlakatlarda biznes yuritayotgan amerikaliklar ko‘pincha asossiz tergov va ayblovlarga duch kelishadi, shu sababli kompaniyalar amerikaliklar bilan hamkorlik qilishdan o‘zlarini olib qochmoqda.
Oq uy vakillarining aytishicha, mamlakatning milliy xavfsizligi Amerika kompaniyalarining jahon bozorida strategik ustunlikka ega bo‘la olishiga bog‘liq. Ular, shuningdek, FCPA'ni haddan tashqari qo‘llashdan voz kechish Amerika kompaniyalariga xalqaro maydonda raqobatbardoshligini oshirish imkonini berishini ta’kidladilar.
Biroq, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha mutaxassislar FCPAning bekor qilinishi xorijda faoliyat yuritayotgan Amerika kompaniyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida ogohlantirmoqda.
Chet eldagi korrupsiya to‘g‘risidagi qonun (Foreign Corrupt Practices Act) 1977 yildayoq qabul qilingan edi. U nafaqat pora berish faktini, balki pora berishni rejalashtirish va taklif qilishni, shuningdek, bu harakatni kompaniya rahbariyati bilan kelishishni ham jazolaydigan qoidalarni o‘z ichiga oladi. Qonunni buzganlik uchun ozodlikdan mahrum qilishning eng uzoq muddati 15 yil, eng yuqori jarima miqdori esa 250 ming dollarni tashkil etadi. 2024 yilda qonun 24 ta holatda, 2023 yilda esa 17 ta holatda qo‘llanilgan.