Donald Tramp qarishning jismoniy belgilarini va terisidagi ko‘karishlarni grim yordamida yashiradi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
AQSh prezidenti nashrga bergan intervyusida 25 yildan beri har kuni katta dozada aspirin qabul qilib kelishini va ko‘karishlar paydo bo‘layotganiga qaramay, bu dozani kamaytirishdan bosh tortishini tan olgan.
"79 yoshli Tramp omma oldida ham, shaxsiy hayotda ham qarish alomatlarini namoyon qilmoqda. Yordamchilari va do‘stlari Tramp bilan balandroq ovozda gaplashishga majbur bo‘lmoqda, chunki u eshitishda qiynalmoqda. Shu bilan birga, Tramp jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanmaydi, sho‘r va yog‘li ovqatlarni (gamburgerlar, kartoshka fri) iste’mol qiladi va ko‘pincha shifokorlar maslahatini e’tiborsiz qoldirib, “yaxshi genetika”ga tayanadi", deya yozadi The Wall Street Journal.
Biroq AQSh prezidentining davolovchi shifokori uning salomatligi “nihoyatda yaxshi holatda” ekanini va o‘z vazifalarini to‘liq bajarishga qodirligini ma’lum qilgan.