AQSh prezidenti Donald Tramp va vise-prezident Jey Di Vens 13 avgust kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Yevropa Ittifoqi yetakchilari bilan masofaviy muzokaralar o‘tkazadi.
Bu haqda NBC telekanali xabar berdi.
Uchrashuv ikki bosqichda o‘tkaziladi: avvaliga Yevropa Ittifoqi Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazadi, so‘ngra Amerika delegasiyasi qo‘shiladi. Keyinroq Zelenskiy hamkor davlatlar bilan alohida suhbat o‘tkazadi.
"Muzokaralar Alyaskadagi Tramp-Putin sammiti oldidan bo‘lib o‘tadi va u yerda janglarni tugatish masalasi muhokama qilinadi", — deya ta’kidlaydi NBC.
Eslatib o‘tamiz, Tramp va Putin uchrashuvi 15 avgust kuni Alyaskada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Muzokaralarning asosiy mavzusi - Ukraina inqirozini uzoq muddatli tinch yo‘l bilan hal qilish.