AQSh prezidenti Donald Tramp 15 avgust kuni Alyaskada rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan uchrashuvda Ukrainadagi urush kontekstidagi hududlar masalasini ko‘tarmoqchi emas.
Bu haqda NBC telekanali manbalarga tayanib xabar berdi.
"Tramp chorshanba kungi qo‘ng‘iroq chog‘ida Yevropa yetakchilariga bu hafta Alyaskada Putin bilan hududlar bo‘linishini muhokama qilmoqchi emasligini aytdi”, — dedi manba.
Manbaning qo‘shimcha qilishicha, Tramp va Yevropa yetakchilari tinchlik muzokaralari boshlanishidan avval Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga erishish kerakligi haqida kelishib olgan.
Suhbatdan xabardor bo‘lgan yana ikki manba Yevropa yetakchilari Trampning Putin bilan uchrashish rejalariga ijobiy munosabatda ekanligini ma’lum qildi.
Ulardan biri uchrashuvda o‘t ochishni to‘xtatish Tramp uchun ustuvor masala bo‘lishini aytdi. Ikkinchisi Ukraina hududi Ukraina ishtirokisiz muhokama qilinmasligiga ishonch bildirdi.