AQSh prezidenti Donald Trampning oilasi bilan bog‘liq bo‘lgan "Foundation Future Industries" kompaniyasi Ukraina hududida antropomorf (odamsimon) robotlarni sinovdan o‘tkazishni boshladi. Bu haqda "RIA Novosti" "CNBC" telekanali taqdim etgan ma’lumotlarga tayanib xabar bermoqda.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning boshida kompaniya Ukrainaga "Phantom MK-1" rusumli robotlarning ikkita tajriba nusxasini (prototipini) yetkazib bergan. Ishlab chiqaruvchi korxona mazkur jarayonni harbiy harakatlar kechayotgan hududlarda odamsimon robotlardan foydalanish bo‘yicha tarixdagi ilk rasmiy holat sifatida qayd etdi.
Telekanalning aniqlik kiritishicha, sinov jarayonlari asosan xavf darajasi yuqori bo‘lgan front chizig‘ida logistika va ta’minot vazifalarini bajarishga yo‘naltirilgan. Kompaniya rahbari Sankayet Patakning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi amaliyot "MK-1" modellari xavfli hududlarda yuklarni muvaffaqiyatli yetkazib bera olishini isbotlagan.
Shunday bo‘lsa-da, mazkur qurilmalar hali ommaviy tarzda jang maydoniga mahsulot sifatida chiqarilishga tayyor emas. G‘arb OAVlarining yozishicha, "Phantom MK-1" modeli bor-yo‘g‘i 20 kilogramm atrofida yuk tashish imkoniyatiga ega, qolaversa, uning namlikdan himoya tizimi va akkumulyator quvvati ancha cheklangan. Shu sababli, kompaniya yaqin vaqt ichida Ukrainaga mukammallashtirilgan "Phantom 2" modellarini yuborishni rejalashtirmoqda.
Qayd etish joizki, "Foundation Future Industries" Pentagon bilan ham aloqalarni kuchaytirishni maqsad qilgan. "The Next Web" nashri bergan xabarga ko‘ra, startap hozirning o‘zida AQSh quruqlikdagi qo‘shinlari, harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlari manfaatlari yo‘lidagi tadqiqotlar uchun qiymati 24 million dollarlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan.