Tramp "oilasi"da katta janjal.
Yaqinda xabar qilinganidek, Oq uyda Donald Tramp hukumatining "portlovchi" yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda AQSh davlat kotibi Marko Rubio va transport vaziri Shon Daffi hukumat samaradorligi departamenti rahbari, milliarder Ilon Mask bilan qizg‘in bahsga kirishdi.
Oq uyda avj olgan janjal tafsilotlarini The New York Times nashri to‘pladi.
Nashr voqealardan xabardor beshta manbaga tayanib yozishicha, yig‘ilishda Mask Rubioni o‘z departamenti xodimlarini qisqartira olmaganlikda ayblagan. Ta’kidlanishicha, Rubio bir necha haftadan beri Maskka nisbatan g‘azabda edi, chunki uning jamoasi Xalqaro taraqqiyot agentligini (USAID) amalda yopib qo‘ygan edi. U nihoyat hukumatning ushbu yig‘ilishida o‘z fikrini aytishga muvaffaq bo‘ldi.
Rubioning aytishicha, Mask xato qilmoqda, chunki u o‘z hisobidan muddatidan oldin nafaqaga chiqqan 1500 dan ortiq Davlat departamenti amaldorlarini hisobga olmayapti. U "kinoya bilan" Maskdan so‘radi: "Nahotki, siz Rubioga bu odamlarning barchasini qaytadan ishga olib, keyin ularni yana ishdan bo‘shatish tomoshasini uyushtirish imkoniyatini bermoqchisiz?" Shundan so‘ng, u Davlat departamentini qayta tashkil etish bo‘yicha o‘zining batafsil rejalarini bayon qildi.
Bunga javoban Mask Rubioga, u "televideniyeda yaxshi ko‘rinishi"ni, ya’ni boshqa hech narsaga qodir emasligini aytdi.
Bu vaqt mobaynida Tramp stul suyanchig‘iga suyanib, qo‘llarini qovushtirib o‘tirardi. Tortishuv uzoq davom etgach, Tramp "ajoyib ish" qilayotgan Rubioni himoya qilish uchun suhbatga aralashdi. Trampning aytishicha, Rubio juda band, u doimiy ravishda sayohat qiladi va televideniyeda chiqishlar qiladi, uning boshqarishi lozim bo‘lgan agentligi ham bor.
Mask boshqa bir qancha amaldorlar bilan ham kelishmovchiliklarga bordi. Transport vaziri Shon Daffi Federal aviasiya boshqarmasi xodimlarining qisqartirilishidan shikoyat qildi. Uning aytishicha, "Mask jamoasining yosh xodimlari havo harakati dispetcherlarini ishdan bo‘shatishga urinmoqda." Mask vazirning so‘zlarini yolg‘on deb atadi, Daffi ham unga xuddi shunday javob qaytardi.
Ta’kidlanishicha, amaldorlar Ilon Mask nima qilmoqchi ekanini - hukumatdagi isrofgarchilik, firibgarlik va suiiste’mollarni kamaytirish g‘oyasini deyarli bir ovozdan ma’qullamoqda. Biroq ular hukumatni isloh qilishda keskin yondashuvdan va harakatlarni izchil muvofiqlashtirish yo‘qligidan ko‘ngli qolgan.
Chorshanba kuni kechqurun kutilmaganda e’lon qilingan payshanba kungi uchrashuv Trampning ko‘plab shikoyatlarni e’tiborga olganining belgisi bo‘ldi. U har ikki tomonga ham nimadir taklif qilishga intildi, ham Maskni, ham uning vazirlarini maqtadi. Tramp Maskning tashabbusi missiyasini hamon qo‘llab-quvvatlayotganini aniq-ravshan aytdi.
Biroq, uning aytishicha, endi yondashuvni biroz takomillashtirish vaqti keldi. NYT manbalarining xabar berishicha, Prezident o‘z vazirlarini hukumat xodimlarini qisqartirish uchun mas’ul etib tayinlagan, Mask jamoasiga esa faqat maslahatchi vazifasini yuklab qo‘ygan. Tramp uchrashuvdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda yozgan xabarida xodimlarni qisqartirish rejasining keyingi bosqichi "bolta" bilan emas, "jarroh pichog‘i" bilan amalga oshirilishini ta’kidlagan.
Payshanba kungi yig‘ilishga odatdagi futbolkasi o‘rniga kostyum-galstukda kelgan Mask, Tramp uni tartibsiz ko‘rinishi uchun ommaviy tanqid qilganidan keyin, o‘zini himoya qilib, o‘nlab milliard dollar bozor qiymatiga ega uchta kompaniyasi borligini va ularning faoliyati natijalari o‘z-o‘zidan ko‘rinib turganini aytgan.