AQSh prezidenti Donald Tramp Nyu-York shahrining yangi saylangan meri Zoxran Mamdanining ilk chiqishini tanqid qildi. Bu haqda u Fox News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Demokratik partiya nomzodi bo‘lgan Mamdanining saylov natijalari e’lon qilingandan keyingi nutqi «juda g‘azabnok bo‘lgan».
«Uning jahllanishi, albatta menga nisbatan edi. Menimcha, u ancha muloyimroq bo‘lishi kerak. Axir men tasdiqlaydigan ko‘p narsa unga ham tegishli. Shu jihatdan, u faoliyatini yomon boshladi», – dedi Tramp.
Prezident Mamdanini Vashingtonga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqirdi.
«Agar u hurmatsizlik ko‘rsatsa, unda muvaffaqiyatga erishish imkoniyati bo‘lmaydi. Men esa uning muvaffaqiyat qozonishini xohlayman – shaxsan uning emas, balki shaharning manfaati uchun. Men Nyu-Yorkni yaxshi ko‘raman va bu shahar gullab-yashnashi uchun uning yangi meriga omad tilayman», – dedi AQSh rahbari.
CBS News ma’lumotiga ko‘ra, shahar merligiga bo‘lib o‘tgan saylovda 2 milliondan ortiq inson ishtirok etgan – bu 1969 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich.
34 yoshli Zoxran Mamdani – o‘tgan asrdagi ilk musulmon va eng yosh shaxs sifatida Nyu-York shaharining rahbari bo‘ldi. U ugandalik muhojirlar oilasida tug‘ilgan.