AQSh prezidenti Donald Tramp Nyu-Meksiko shtati nomini «Yangi Amerika» deb o‘zgartirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.
Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida shtat xaritasini e’lon qilib, unda «Meksiko» so‘zini chizib tashlagan. U o‘z postida Nyu-Meksiko nomini «Yangi Amerika» deb o‘zgartirish taklifini bildirgan.
«Ko‘pchilik tarixdagi eng ko‘p soxtalashtirilgan shtatlardan biri bo‘lgan Nyu-Meksiko nomini “Yangi Amerika” deb o‘zgartirishni taklif qildi. Bu salohiyati yuqori shtat aholisi uchun ancha obro‘li va jozibali eshitilishi mumkin», — deb yozgan Tramp.
Ushbu xarita Oq uyning rasmiy X akkauntida ham tarqatilgan.
The Hill nashri yozishicha, Trampning posti Nyu-Meksiko shtatidagi demokrat qonun chiqaruvchilar tomonidan tanqid qilingan. Ular shtatning tarixiy nomi va madaniy merosini saqlash muhimligini ta’kidlagan. Respublikachi senator Mayk Li esa taklif etilgan yangi nomni maqtab, uni «juda jozibali» deb atagan.
Shu bilan birga, Nyu-Meksiko nomini rasman o‘zgartirish haqidagi xabarlar avval ijtimoiy tarmoqdagi satirik akkauntda paydo bo‘lgan. Snopes bu ma’lumotni rad etib, shtat nomini o‘zgartirish bo‘yicha hech qanday farmon yoki boshqa rasmiy hujjat mavjud emasligini ma’lum qilgan.
Shu sababli Trampning posti Nyu-Meksiko shtati rasmiy ravishda «Yangi Amerika» deb qayta nomlanganini anglatmaydi.