AQSh prezidenti Donald Tramp Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styorega maktub yo‘llab, o‘ziga tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti berilmagani sababli, endi tinchlik haqida qayg‘urishga majbur emasligini aytdi.
"Hurmatli Yonas! Mamlakatingiz sakkiz va undan ortiq urushning oldini olganim uchun menga tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini bermaslikka qaror qilganini hisobga olsak, men endi faqat tinchlik haqida qayg‘urish majburiyatini his qilmayman, garchi u har doim ustuvor bo‘lsa-da, endi men Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun nima yaxshi va to‘g‘ri ekanini o‘ylashim kerak. Daniya bu yerni Rossiya yoki Xitoydan himoya qila olmaydi va nega ularda mulk huquqi bo‘lishi kerak? Bu haqda hech qanday yozma hujjat yo‘q, faqat u yerga yuz yillar oldin qayiq suzib borgan, lekin bizning qayiqlar ham borgan. Men NATO uchun u tashkil etilganidan beri boshqalardan ko‘ra ko‘proq ish qildim va endi NATO Qo‘shma Shtatlar uchun nimadir qilishi kerak. Agar biz Grenlandiyani to‘liq va butkul nazorat qilmasak, dunyo xavfsiz bo‘lmaydi", — deb yozgan Oq uy rahbari.
Ushbu xat Yevropa davlatlarining Vashingtondagi elchilariga yo‘llangan, ulardan Trampning Norvegiya bosh vaziriga yo‘llagan maktubini o‘z hukumati rahbarlariga yetkazish so‘ralgan.
Yonas Gar Styore bu maktubni 18 yanvar kuni Trampdan olganini tasdiqladi. Norvegiya bosh vaziri so‘zlariga ko‘ra, maktub shu kuniyoq AQSh prezidentiga o‘zi va Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb nomidan yuborgan qisqa xabariga javoban kelgan. Styore va Stubb Trampning Yevropaning sakkizta davlatiga qarshi bojlar joriy etish tahdidi bo‘yicha o‘z pozisiyalarini bayon qilgan va telefon orqali suhbat o‘tkazishni so‘ragan.