Politico nashri manbalariga ko‘ra, Bryusseldagilar hozirda Vladimir Putin uchun “imkoniyatlar oynasi” ochiq degan fikrda.
"Buning ikki sababini keltirish mumkin. Birinchidan, AQShda hokimiyat yana ikki yil davomida Donald Trampda bo‘ladi, u esa so‘nggi vaqtlarda NATO bo‘yicha ittifoqchilaridan arazlagan va ularni himoya qilishiga kafolat bermayapti. Ikkinchidan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining o‘z mudofaasini kuchaytirishga qaratilgan shoshilinch choralari reja bo‘yicha faqat 2030 yilga borib haqiqiy natijalarni berishi mumkin", deya yozmoqda Politico.
"Agar respublikachilar noyabr oyida AQSh Kongressiga bo‘ladigan saylovlarda yomon natija ko‘rsatadigan bo‘lsa, unda Tramp NATO va Yevropaga bosimni yanada kuchaytirishi, Putin esa bundan foydalanib qolishi mumkin", — dedi nashr manbalaridan biri.
Evroparlamentning xalqaro ishlar qo‘mitasi a’zosi Mika Aaltola Politico nashri bilan suhbatda to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum emas, balki qandaydir gibrid ssenariy ehtimoli ko‘proq ekanini aytdi. Masalan, Putin chegaradosh hududda provokasiya keltirib chiqarishi hamda NATOda bu provokasiya Beshinchi moddani faollashtirish masalasida bo‘linishga olib kelishiga umid qilishi mumkin. Shu tariqa, Kreml AQSh bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvdan qochgan holda Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilariga bosim o‘tkazgan bo‘lardi.
Aaltolaning so‘zlariga ko‘ra, bu Boltiqbo‘yi dengizida yoki Artktika mintaqasida dronlar qo‘llagan holda qandaydir amaliyot o‘tkazish bo‘lishi mumkin.
"Agar chegara orqali to‘laqonli bosqin amalga oshirilmasa, AQSh bunday vaziyatda bu u qadar muhim emasligini aytishi va Yaqin Sharq bilan bandligi sharoitida Yevropaga Rossiya bilan muzokara olib borishni taklif qilish bilan cheklanishi mumkin", — dedi u.