AQSh prezidenti Donald Tramp yadroviy texnologiyalar bilan Qo‘shma Shtatlarni yana Oyga qaytarishni nazarda tutuvchi yangi kosmik strategiyani tasdiqladi. Hujjat NASA’ga Artemis dasturini rivojlantirish uchun «yashil chiroq» berdi: rejaga ko‘ra, 2028 yilga kelib amerikalik astronavtlar yana Oyga qo‘nishlari, 2030 yilga borib esa u yerda AQShning doimiy tayanch bazasi tashkil etilishi kerak.
Rejaning eng katta muhokamaga sabab bo‘layotgan jihatlaridan biri — atom energetikasiga tayanishdir. AQSh kosmosga yadroviy reaktorlar ishlab chiqish va jo‘natishni, shuningdek, Oy yuzasida o‘z lunar atom reaktorini o‘rnatishni rejalashtirmoqda. U kelajakdagi bazani energiya bilan ta’minlashi kerak va Oq uy rejasiga ko‘ra, o‘n yil oxirigacha ishga tushirishga tayyor bo‘ladi.
Oy dasturi bilan cheklanib qolinmaydi. Tramp strategiyasida «Oltin gumbaz» (Golden Dome) loyihasi ham o‘rin olgan — bu kosmosdan keladigan tahdidlardan himoya tizimi. Gap Yer atrofidagi fazo hamda Yer bilan Oy oralig‘idagi hududda xavflarni kuzata oladigan yangi erta ogohlantirish vositalari haqida bormoqda.
Shu bilan birga, Oq uy iqtisodiy samaraga ham umid qilmoqda: Tramp farmoni AQSh kosmik sektoriga kamida 50 milliard dollar investisiya jalb qilishi va kosmik texnologiyalar bo‘yicha davlat xaridlarini isloh qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.