AQSh prezidenti Donald Tramp Kanadaning yangi bosh vaziri Mark Karni bilan dastlabki muloqoti "juda samarali" o‘tganini ma’lum qildi.
“Biz ko‘plab masalalar bo‘yicha bir to‘xtamga keldik va Kanadadagi saylovlardan so‘ng tez orada uchrashamiz”, — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida. Kanadada parlament saylovlari 28 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, Karni AQSh va Kanada o‘rtasidagi chuqur iqtisodiy va harbiy aloqalar davri tugaganini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Kanadadan import qilinadigan avtomobillarga 25 foizlik boj joriy etgani uchun javob choralari ko‘riladi.
Kanadadagi parlament saylovlari Otava va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar taranglashgan paytga to‘g‘ri keldi. Tramp bir necha bor Kanadaga AQShning 51-shtati sifatida qarash istagini bildirgan.
Karni esa keskin pozisiyani tanlab, "AQSh prezidenti Kanadaga hurmat bilan munosabatda bo‘lmaguncha va anneksiya tahdidlarini to‘xtatmaguncha, savdo muzokaralarida ishtirok etmayman", deya bayonot berdi.