AQSh prezidentining ma’lum qilishicha, Isroil va Livan o‘rtasida 10 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimi 17 aprelga o‘tar kechasi kuchga kiradi.
"Men hozirgina Livanning muhtaram prezidenti Jozef Aun va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan samarali suhbatlar o‘tkazdim. Ikki yetakchi o‘z mamlakatlari o‘rtasida tinchlikka erishish maqsadida 10 kunlik sulhni rasman e’lon qilishga kelishib oldilar", — dedi Tramp.
8 aprelga o‘tar kechasi AQSh va Eron o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olganliklarini e’lon qilishgan edi. Shu bilan birga, Isroil eronparast “Hizbulloh” guruhi joylashgan Livanga zarba berishda davom etdi. AQSh rasmiylari o‘t ochishni to‘xtatish rejimi Livanga taalluqli emasligini ta’kidlashgan edi.
Isroil Livan bilan emas, balki Livan hududidagi «Hizbulloh» guruhiga qarshi kurashayotganini aytib o‘tgan.
Livan Isroil davlatini rasman tan olmaydi. Isroil va Livan 1948 yilda Isroil davlati tashkil topganidan beri rasman urush holatida qolmoqda.