AQSh prezidenti Donald Tramp Hindiston "deyarli" Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatganini aytdi.
Bu haqda Amerika yetakchisi Oq uyda jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida aytib o‘tgan.
Uning aytishicha, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan savdo muzokaralari "a’lo darajada" ketmoqda.
"Hind kompaniyalari asosan Rossiyadan neft sotib olishni to‘xtatdi. Narendra Modi mening do‘stim. U yerga borishimni xohlaydi", — dedi Tramp Hindistonga tashrif buyurishga va’da berib. Bu 2026 yilda sodir bo‘ladimi, degan savolga u: "Ehtimol, ha", deb javob berdi.
6 avgust kuni AQSh Rossiyadan neft va neft mahsulotlarini sotib olgani munosabati bilan Hindistonga qo‘shimcha 25 foizlik boj joriy qildi. Avgust oyi oxirida Hindiston tovarlari va xizmatlari uchun bojlar 50% gacha oshirildi. Hindiston tashqi ishlar vazirligi bu harakatlarni adolatsiz deb atadi.
Tramp 15 oktyabr kuni aytganidek, Modi unga Nyu-Dehli Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishga tayyorligini shaxsan ma’lum qilgan.