AQSh Prezidenti Donald Tramp G‘azo aholisi uchun yangi ko‘chirish variantlarini taklif qilmoqda. Avvalroq u ularni Misr va Iordaniyaga joylashtirishni talab qilgan edi, biroq bu davlatlar qochqinlarni qabul qilishdan bosh tortdi. Endi esa, Isroilning Channel 12 telekanaliga ko‘ra, ko‘rib chiqilayotgan yangi yo‘nalishlar orasida Marokash, Somalilend va Puntland – Somali tarkibidagi ikki yarim mustaqil mintaqa bor.
Bu hududlar iqtisodiy jihatdan AQShga qaram va loyihada ishtirok etish evaziga moliyaviy yordam olishlari mumkin. Shunga qaramay, hozircha bu ma’lumot rasmiy tasdiqlanmagan. Tramp esa aynan qaysi davlatlar ustuvor ekanini yoki boshqa variantlar ham borligini ochiqlamagan.
Bu orada Iordaniya qiroli Abdulloh II va Misr Prezidenti Abdel Fattah as-Sisi Vashingtonga yo‘l oldi. Ularning muzokaralar davomida o‘z davlatlari G‘azo qochqinlarini qabul qilmasligini yana bir bor tasdiqlashi kutilmoqda.
«Bu reja hech bir arab davlati uchun siyosiy jihatdan imkonsiz,» – dedi arab amaldorlaridan biri Axios nashriga.
Tramp esa bosimni kuchaytirishda davom etmoqda. U ilgari G‘azoni butunlay buzib tashlab, uning o‘rnida turistik maskan – «Yaqin Sharq Riverasi» ni qurmoqchi ekanini bildirgan edi. Biroq mintaqada HAMAS jangarilarining minglab a’zolari saqlanib qolayotgan bir paytda, qo‘shni davlatlar qochqinlarni qabul qilishdan bosh tortmoqda, chunki bu ularning barqarorligiga tahdid solishi mumkin.