Eron o‘z yadroviy ob’ektlariga xalqaro inspektorlarni kiritishdan bosh tortdi va uranni boyitish ishlarini davom ettirmoqda. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Air Force One bortida jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi, deb xabar beradi CNN.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq Eronning yadroviy faoliyati to‘xtatilgan edi, ammo hozirda davlat dasturni boshqa hududda qaytadan yo‘lga qo‘yishi mumkinligi haqida xavotirlar bor.
«Agar Eron yadroviy qurol ishlab chiqarishni boshlasa, bu juda jiddiy muammoga aylanadi. Biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz», — dedi Tramp.
Tramp, shuningdek, bu vaziyatni kelasi hafta Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan muhokama qilishini ma’lum qildi. Ularning uchrashuvi yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) inspektorlari Eronni tark etgandi. Tashkilotning xabar berishicha, bu qaror Tehronning hamkorlikni to‘xtatishi natijasida qabul qilingan. Inspektorlarning bir qismi Armaniston orqali qit’a yo‘li bilan chiqib ketib, Venaga yo‘l olgan.
MAGATE bosh direktori Rafael Grossi ta’kidlashicha, Eron yadroviy dasturini monitoring qilish va tekshirish ishlarini qayta tiklash juda muhim hisoblanadi.
Eron rasmiylari yadroviy dastur faqat tinch maqsadlarda ekanini bir necha bor bildirishgan. Ammo AQSh Eronni o‘z faoliyatining bir qismini yashirish va MAGATE oldidagi majburiyatlarini buzishda ayblab kelmoqda.