AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social tarmog‘idagi bayonotida Eron uchun hal qiluvchi tun yaqinlashganini aytib, butun bir sivilizasiya yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu kecha butun bir sivilizasiya halok bo‘lishi va hech qachon qayta tiklanmasligi mumkin». Shu bilan birga, Tramp bunday ssenariyni istamasligini, ammo bu ehtimoldan holi emasligini ta’kidlagan.
Shuningdek, u «to‘liq va keng qamrovli rejim almashuvi» natijasida Eronda «aqlliroq va kamroq radikal kuchlar» paydo bo‘lishi mumkinligini qayd etgan. Tramp bu o‘zgarishlarni «inqilobiy darajada go‘zal» deb atagan.
Prezident bu voqealarni jahon tarixidagi eng muhim pallalardan biri sifatida baholab, yaqin soatlarda vaziyat oydinlashishini aytgan. Shuningdek, u Eron xalqiga farovonlik tilagan.
Bayonot Tramp tomonidan berilgan navbatdagi ultimatum muddati yakunlanayotgan bir paytda yangradi. Unga ko‘ra, Eronga Ormuz bo‘g‘ozini ochish va AQSh bilan kelishuvga erishish uchun vaqt berilgan edi.
Avvalroq Tehron vaqtinchalik sulh taklifini rad etgan va Pokiston orqali doimiy kelishuv shartlarini o‘z ichiga olgan 10 banddan iborat hujjatni taqdim etgan. Shuningdek, 5 aprel kuni Tramp Erondagi elektr stansiyalari va ko‘priklarga zarba berish bilan tahdid qilgan edi.