Estoniyalik harbiy ekspert Yens Stoltenbergni "sotqinlikda" ayblamoqda. Sobiq bosh kotib vaziyatga oydinlik kiritdi.
Estoniya Mudofaa vazirligining sobiq xodimi va "The Baltic Sentinel" nashri bosh muharriri Meelis Oydsalu NATO'ning sobiq bosh kotibi Yens Stoltenbergning xotiralariga taqriz e’lon qildi. Unda muallif Stoltenbergni 2021 yilda, Ukrainadagi urush boshlanishi arafasida Boltiqbo‘yi mamlakatlariga "xiyonat" qilganlikda aybladi.
Kitob taxminan yarim yil avval nashr etilgan bo‘lsa-da, Oydsaluning tanqidiy chiqishi aynan hozir paydo bo‘lgani e’tiborni tortdi. Ushbu maqola tez orada mintaqaviy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Vaziyatga Latviya Tashqi ishlar vazirligi munosabat bildirib, buni "NATOga qarshi dezinformasiya hujumi" deya baholadi. Yuzaga kelgan shov-shuvlar ortidan Yens Stoltenberg o‘z kitobida aynan nimalarni nazarda tutganini alohida tushuntirishga majbur bo‘lmoqda.