Bu haqda amerikalik amaldorga tayanib, Reuters xabar berdi.
Agentlik manbasiga ko‘ra, Trampga taklif yoqmagan, chunki unda Eronning yadro dasturi masalasi umuman ko‘rib chiqilmagan. CNN ham o‘z manbalariga tayanib, AQSh prezidenti bu rejani qabul qilishi ehtimoli past ekanini bildirgan.
Amerikalik rasmiylarning fikricha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish masalasi yadro dasturi, xususan, uranni boyitish va zaxiralar bilan bog‘liq muammolar hal etilmasdan turib ko‘rib chiqilsa, bu AQSh uchun muzokaralardagi asosiy bosim vositasini yo‘qotishga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, bo‘g‘oz blokadasining davom etishi energiya narxlarining yuqori bo‘lib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
"Tramp keyingi qadamlar borasida hali aniq qarorga kelmagan. AQSh rasmiylari Eron ichida qaror qabul qilish masalasida ham yakdillik yo‘qligidan xavotirda", deya yozmoqda Reuters.