AQSh prezidenti Tehron bilan ramkaviy kelishuvni uzaytirishdan bosh tortishini ma’lum qilganidan so‘ng neft narxi 2 foizdan ko‘proqqa qimmatladi. Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi keskinlik ham yana kuchaydi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokaralar muddati yakuniga yaqinlashayotgan ramkaviy kelishuvni uzaytirish niyati yo‘qligini bildirganidan so‘ng neft narxlari keskin ko‘tarildi. Bu vaziyatda mojaroning yanada avj olishi va Hurmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovi bilan bog‘liq xavotirlar kuchaydi.
Brent nefti narxi 2,4 foizga oshib, bir barreli 90,60 dollarga yetdi. Amerika nefti WTI esa 2,2 foizga qimmatlab, 84,20 dollar bo‘ldi.
Tramp Eron AQSh bilan kelishuv tuzishni istashini, ammo Vashington zarur deb hisoblayotgan shartlarni qabul qilishga tayyor emasligini aytdi. «Ular kelishuv tuzishni xohlaydi, ammo men zarur deb hisoblayotgan kelishuvni tuzishni istamayapti», — dedi AQSh prezidenti.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonning asosiy maqsadi Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat. «Biz bu yerda bitta sabab bilan turibmiz: Eron yadroviy qurolga ega bo‘la olmaydi. Unda yadroviy qurol bo‘lmaydi ham», — dedi Tramp.
AQSh prezidenti, shuningdek, iyun oyida Pokiston vositachiligida erishilgan ramkaviy kelishuvni uzaytirishga umid qilmayotganini bildirdi. Bu kelishuv doirasidagi 60 kunlik muzokaralar muddati keng qamrovli kelishuvsiz yakunlanish arafasida.
Tramp diplomatik sa’y-harakatlarda Ummonning roli va Hormuz bo‘g‘ozini ochish masalasi haqida ham gapirdi. Masqatga nisbatan sabri tugagan-tugamaganligi haqidagi savolga AQSh prezidenti Ummon «o‘zini unchalik yaxshi tutmagani»ni aytdi va Vashington vaziyatni «juda osonlik bilan» hal qila olishini qo‘shimcha qildi.
Dushanba kuni ertaroq neft narxi pasaygan edi: investorlar geosiyosiy xavflarni Fors ko‘rfazi davlatlaridan bo‘g‘oz orqali neft yetkazib berish davom etayotgani bilan taqqoslagan. Bu hozircha xomashyoning darhol taqchillashishi xavfini pasaytirmoqda.