AQSh prezidenti Donald Tramp Demokratik partiya Oq uyning bal zalini buzishni xohlasa ham buzib tashlay olmasligini aytdi.
Tramp qurilishda "eng mustahkam po‘lat" va betondan foydalanilganini ta’kidladi, uning so‘zlariga ko‘ra, ular atom elektr stansiyalarida ishlatiladi.
"Bu yadroviy beton. Menimcha, uni yo‘q qilish juda qiyin bo‘ladi. U yadroviy hujum uchun mo‘ljallangan. Uni buzib tashlash mumkinligiga amin emasman", dedi Tramp.
Ismi oshkor qilinmagan Oq uy rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, prezident bal zalini o‘z merosining bir qismi sifatida ko‘radi va loyihani prezidentlik muddati tugashidan oldin yakunlashni maqsad qilgan. Manbaning ta’kidlashicha, qurilish tugallangandan so‘ng, demokratlar uchun Tramp erishgan yutuqlarni bekor qilish qiyin bo‘ladi.
Shu bilan birga, Trampning o‘zi ham u lavozimidan ketganidan keyin AQShda hech kim uning sharafiga yodgorliklar o‘rnatmasligini tan oldi. "Men ketganimdan keyin hech kim buni qilmaydi", dedi prezident.