AQSh prezidenti Donalmd Tramp Venesu'ladan AQShga giyohvand moddalarni olib o‘tmoqchi bo‘lgan narkotik terrorchilariga qarshi yangi "kinetik" zarba berilganini e’lon qildi.
Amerikalik yetakchi bu haqda o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
"Zarba Venesueladan uch nafar tasdiqlangan narkotik terrorchisi xalqaro suvlar orqali noqonuniy giyohvand moddalarni olib o‘tayotgan paytda yuz berdi", — dedi Tramp.
Unga ko‘ra, zarba Pentagonning janubiy qo‘mondonligi tomonidan amalga oshirilgan, amerikalik harbiy xizmatchilardan hech biri jabrlanmagan. Giyohvand moddalar Qo‘shma Shtatlarga ketayotgan edi, ular "amerikaliklarni zaharlaydigan halokatli qurol", deya qo‘shimcha qildi prezident.
X ijtimoiy tarmog‘idagi Oq uy sahifasida dengizda suzayotgan qayiq qanday urilgani aks etgan video e’lon qilindi.
"Agar siz amerikaliklarni o‘ldirishi mumkin bo‘lgan giyohvand moddalarni tashayotgan bo‘lsangiz, ehtiyot bo‘ling. Biz sizni ov qilmoqdamiz", deyiladi postda.
Sentyabr oyi boshida Tramp AQSh harbiylari xalqaro suvlarda o‘tkazgan operasiya davomida Venesueladagi Tren de Aragua narkokartelining 11 nafar a’zosini o‘ldirganini ma’lum qilgandi.