AQSh prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar va Venesuela o‘rtasida neft sohasida «tarixdagi eng yirik kelishuv» tuzilganini e’lon qildi.
U bu haqda Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv doirasida AQSh Venesuelaning tasdiqlangan neft zaxiralarining qariyb 20 foizi — 65 mlrd barreldan ortiq qismi ustidan nazoratga ega bo‘ladi. AQSh rahbari buning uchun amerikalik soliq to‘lovchilardan «hech qanday xarajat talab etilmasligi»ni ta’kidladi.
Trampning ta’kidlashicha, bitim AQShning neft resurslarini ikki baravardan ko‘proq oshirish, yetkazib berish hajmini kengaytirish va uzoq muddatli istiqbolda amerikaliklar uchun benzin narxlarini sezilarli pasaytirish imkonini beradi.
AQSh prezidenti kelishuvga erishish jarayonida davlat kotibi Marko Rubio, mudofaa vaziri Pit Hegset va Venesuelaning muvaqqat prezidenti Delsi Rodriges ishtirok etganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Tramp ushbu bitim Venesuelaning «muvaffaqiyat va farovonlik» sari harakat qilishiga yordam berishiga ishonch bildirdi.