Bugun 30 avgust, 2026 yil, yakshanba

КИР

Tramp AQSh va Venesuela o‘rtasida «jahon tarixidagi eng yirik neft bitimi» tuzilganini e’lon qildi

Tramp AQSh va Venesuela o‘rtasida «jahon tarixidagi eng yirik neft bitimi» tuzilganini e’lon qildi

AQSh Prezidenti Donald Tramp Vashington va Karakas o‘rtasida «jahon tarixidagi eng yirik neft bitimi» imzolanganini hamda Qo‘shma Shtatlar Venesuelaning 65 milliard barreldan ortiq tasdiqlangan neft zaxiralari ustidan nazoratni qo‘lga kiritganini ma’lum qildi. Amerika yetakchisi o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida qoldirgan bayonotida mazkur tarixiy kelishuv AQSh Davlat kotibi Marko Rubio va Mudofaa vaziri Pit Xegsetning Venesuela vaqtinchalik prezidenti Delsi Rodriges bilan olib borgan yaqin hamkorligi natijasida amalga oshganini ochiqladi.

Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh xususiy sektor bilan sheriklik orqali Venesuela neft zaxiralarining nazorat paketiga ega bo‘lgan va bu amerikalik soliq to‘lovchilar uchun hech qanday moliyaviy xarajat keltirib chiqarmagan. Ushbu bitim Qo‘shma Shtatlarning neft zaxirasini ikki baravardan ko‘proqqa oshiradi, ichki bozorda yonilg‘i ta’minotini yaxshilaydi va mamlakatda benzin narxining sezilarli darajada pasayishiga xizmat qiladi.

O‘z navbatida, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio ushbu loyiha Venesuelaga qariyb 100 milliard dollar miqdorida xususiy investisiyalar olib kelishini, minglab yuqori maoshli ish o‘rinlari yaratilishini va mamlakat iqtisodiyotini qayta tiklashga kuchli turtki bo‘lishini ta’kidladi. Venesuela tomoni esa mazkur kelishuv 17 ta strategik konni rivojlantirishni ko‘zda tutishini va davlat g‘aznasiga 209 milliard dollar soliq tushumlari olib kelishini ma’lum qildi.

Kiritildi: 18:49 29.08.2026. O'qildi: 341 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!