AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh dengiz flotini yangilab, uni "Oltin flot"ga aylantirmoqchi.
Bu haqda The Wall Street Journal manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Manbalarga ko‘ra, Oq uy va Harbiy-dengiz kuchlari rasmiylari mavjud flotni Xitoyga va ehtimoliy tahdidlarga qarshi turishga qodirroq bo‘lgan yangisiga almashtirish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Nashrning qayd etishicha, muhokamalar dastlabki bosqichda va Tramp ishtirok etmoqda.
Hozirda AQSh harbiy-dengiz kuchlari asosan esmineslar, kreyserlar, aviatashuvchilar, suv osti kemalari va amfibiya kemalaridan iborat, deya qayd etadi gazeta. "Oltin flot"ga uzoq masofali raketalar bilan qurollangan yirik harbiy kemalar kirishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Oq uy va Pentagon gipertovushli raketalarni tashishga qodir yangi, og‘ir zirhli kema yaratish bo‘yicha munozaralarni boshladi.
Vashington flot 280 dan 300 tagacha kemadan, shuningdek, "ko‘p sonli pilotsiz kemalardan" iborat bo‘lishini kutmoqda. Nashrda ushbu rejani amalga oshirish muddati yoki uning narxi ko‘rsatilmagan.