Bugun 18 may, 2025 yil, yakshanba

КИР

Tramp «Amerika ovozini» «antiamerikancha» va «partiyaviy propaganda» tarqatishda ayblamoqda

Tramp «Amerika ovozini» «antiamerikancha» va «partiyaviy propaganda» tarqatishda ayblamoqda

Payshanba kuni Tramp ma’muriyati «Amerika ovozi» (Voice of America) axborot agentligining qariyb 600 nafar xodimini ishdan bo‘shatdi, deb xabar beradi The New York Times.

Ishdan bo‘shatishlar jurnalistlar va ma’muriy xodimlarni qamrab oldi – bu agentlik umumiy xodimlarining uchdan bir qismidan ortig‘ini tashkil etadi. AQSh hukumati «Voice of America»ni «radikal Amerika ovozi» deb atab keladi.

Bu ishlar Tramp ma’muriyati Vashingtondagi federal binoni — agentlikning bosh qarorgohini — sotuvga qo‘yganidan so‘ng amalga oshdi.

Ishdan bo‘shatilganlar orasida xorijlik jurnalistlar ham bor, ular AQShni iyun oyi oxirigacha tark etishiga to‘g‘ri keladi, chunki ularning immigrasiya maqomi agentlikdagi ishga bog‘liq edi.

AQShning Global media agentligi (USAGM)da «Amerika ovozi»ni nazorat qiluvchi katta maslahatchi Kari Leykning ma’lum qilishicha, Tramp ma’muriyati o‘zining qonuniy vakolatlari doirasida harakat qilgan:

“Biz agentlikni optimallashtirish va federal byurokratiyani qisqartirish jarayonidamiz. Bu ma’muriyat ustuvor yo‘nalishlariga mos keladi. Biz USAGM agentlik tuzilmasini qisqartirishda davom etamiz va biz buni mehnatkash amerikaliklar mablag‘iga arziydigan zamonaviy tizimga aylantiramiz. Bu hali boshlanishi, xolos”, – dedi Leyk.

Donald Tramp esa «Amerika ovozi» nashrini «antiamerikancha» va partiyaviy «propaganda» tarqatishda aybladi.

Avvalroq Kari Leyk USAGM va uning tahririyatlari «isrofgarchilik, qalloblik va vazifadan suiiste’mol qilish bilan yashab kelayotganini» aytgan, ammo bu fikrlariga hech qanday isbot keltirmagan.

1942 yili tashkil etilgan «Amerika ovozi» agentligi Tramp tomonidan imzolangan farmonga muvofiq, 15 mart kuni o‘z faoliyatini to‘xtatgandi. Aprel oyida sud qarori bilan agentlikni tugatish va unga bo‘ysunuvchi tahririyatlarni tarqatishga yo‘l qo‘yilmagani sababli, uning axborot dasturlari qisman qayta tiklangan edi.

Kiritildi: 16:47 16.05.2025. O'qildi: 284 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!