AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaga nisbatan so‘nggi voqealardan norozi ekanini bildirib, 14 iyul kuni bu yuzasidan muhim bayonot e’lon qilishini ma’lum qildi. U Ukrainaga qurol yetkazib berish va yangi sanksiyalar haqida ham gapirdi.
Donald Tramp NBC News telekanaliga bergan intervyusida Rossiya bilan bog‘liq jiddiy bayonot 14 iyul, dushanba kuni e’lon qilinishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiyadan hafsalasi pir bo‘lgan» va bu masalada jiddiy qarorlar qabul qilinadi.
Tramp so‘nggi oylarda Ukrainaga qurol yetkazib berish tartibida o‘zgarishlar bo‘lganini aytdi. Unga ko‘ra, AQSh qurollarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukrainaga emas, balki NATOga jo‘natadi. NATO esa ularni Ukrainaga yetkazadi va buning to‘liq qiymatini to‘laydi. Ushbu kelishuv iyun oyidagi NATO sammitida kelishib olingan.
Shu bilan birga, Tramp Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar haqida ham gapirib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, sanksiyalarni joriy etish yoki etmaslik to‘g‘risidagi yakuniy qaror Prezident ixtiyorida qoladi. Kongress bu bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlayotgan bo‘lsa-da, amaliy qarorni uning o‘zi qabul qiladi.
10 iyul kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubio Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda Rossiya delegasiyasi bilan uchrashgan. Unda Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» muhokama qilingani aytilgan. Rubio bayonotiga ko‘ra, Rossiya tomoni yangi takliflar bildirgan, ammo ularning mazmuni ochiqlanmagan.
Trampning 14 iyul kuni qilmoqchi bo‘lgan bayonoti Rossiya-AQSh munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin.