Bosh prokuratura huzuridagi departamentning xabar berishicha, departamentning Ko‘kdala tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda “Umakay” YPX maskanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbirda “Qarshi-Samarqand-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan “Cobalt” to‘xtatilib tekshirilganda, fuqaro B.X. jami 500 kg iste’molga yaroqsiz qoramol go‘shtini Toshkent shahrida o‘tkazish maqsadida olib ketayotgani aniqlanib, mahsulot ashyoviy dalil sifatida olingan.
Xuddi shunday, departamentning Oqoltin tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Tekshiruvda “Samarqand-Toshkent” yo‘nalishida ketayotgan Isuzu yuk mashinasida fuqaro N.R. 165 kg iste’molga yaroqsiz qoramol go‘shtini Toshkent shahrida o‘tkazish maqsadida olib ketayotgani aniqlanib, mahsulot ashyoviy dalil sifatida olingan.
Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.