Chilonzor tumanidagi 188-maktabning boshlang‘ich sinf rahbari dars o‘rniga 9 may munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazishga uringan. Maktab ma’muriyati unga dars vaqtida tadbir o‘tkazmaslik haqida ogohlantirish bergan, agar holat takrorlansa, ishdan bo‘shatilishi ma’lum qilingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisi o‘quvchilariga «Katyusha» va «Smuglyanka» qo‘shiqlarini kuylatmoqchi bo‘lgani uchun ishdan bo‘shatilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi 8 may kuni o‘zi rahbarlik qilayotgan 4-«g» sinf o‘quvchilari bilan maktab ma’muriyatini ogohlantirmasdan dars jadvalida birinchi soatda ko‘rsatilgan matematika fani darsini o‘tmasdan, «Xotira va qadrlash kuni»ni nishonlashga uringan.
Bundan xabar topgan maktab ma’muriyati o‘qituvchini dars mahalida bunday tadbir o‘tkazishi mumkin emasligi haqida yana bir bor ogohlantirgan. Bu kabi tadbirlar darsdan keyin o‘tkazilishi zarurligi, agar o‘zboshimchalik qiladigan bo‘lsa, o‘qituvchi ishdan bo‘shash uchun ariza yozishi lozimligini bildirgan.
Munosabatda o‘qituvchi o‘quvchilarga «Katyusha» va «Smuglyanka» qo‘shiqlarini yodlatgani tasdiqlanmagan, rad ham etilmagan.
Shuningdek, mazkur holat Chilonzordagi maktablardan birida bo‘lgani tasdiqlangan, ammo rasmiylar muassasa raqamini keltirmagan.