Bugun 28 iyun, 2024 yil, juma

КИР

Toshkentda viloyatliklarni haqorat qilgan qiz qamoq jazosini o‘tab chiqdi

Toshkentda viloyatliklarni haqorat qilgan qiz qamoq jazosini o‘tab chiqdi

Viloyatliklarni tilga olib bo‘lmas so‘zlar bilan haqorat qilib, shu qilmishi uchun 15 sutkaga qamalgan 21 yoshli qiz sud tomonidan belgilangan ma’muriy qamoq jazosini to‘liq o‘tab chiqdi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmatiga tayanib, “Daryo” ma’lum qildi.

Haqorat va qamoq

Ijtimoiy tarmoqlarda 21 yoshli qiz viloyatliklarni haqoratlagani aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Mazkur video tarqalgach, qiz Ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan va unga nisbatan 3 iyun kuni sud majlisi o‘tkazilgan. Sud hukmiga ko‘ra, qiz Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilgan va unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Shuningdek, undan qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonada saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar uchun 765 ming so‘m undirish belgilangan.

Qiz sud qarori ustidan apellyasiya bermagan. U tug‘ilgan kunini qamoqda o‘tkazgan.

U qilgan ishi uchun barchadan kechirim so‘rab, boshqa haqoratlamasligini bildirgan.

Tanishim bilan aylangani chiqqan edik. Odam juda ko‘p bo‘lgani sababli kayfiyatimiz buzildi. Tirbandliklar ko‘pligi tufayli jahlim chiqib, jahl ustida gapirdim. Ortiqcha gapirib qo‘ydim. Tanishim telefon qilib, videom tarmoqlarda tarqalayotganini aytdi. Keyin jonli efir qildim. Jonli efirda ham hamma negativ yoza boshladi. Uzr so‘ramadim. Negativ yozishgani uchun jahlim chiqib, yana haqoratli gaplar gapirib qo‘ydim. Boshqa unday qilmayman. Viloyatliklarni ajratib, unaqa ma’noda gapirmaganman. Odam ko‘pligi uchun jahl ustida haqoratli so‘zlar bilan gapirganman. Hammadan kechirim so‘rayman, — degan edi qiz.

Qizning otasi farzandining qilmishi yoshlikdagi xatolik ekanini aytib, qizining aksariyat tanishlari ham viloyatliklar ekanini, qolaversa, o‘zi va ayoli ham viloyatdan ekanini aytgan.

Kiritildi: 11:52 19.06.2024. O'qildi: 2938 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!