Koson tumanidagi bog‘chalardan birining rahbari bo‘lgan 31 yoshli ayol haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan holda turmush o‘rtog‘ining Spark mashinasida bolalarni tashigan. U 2025 yil 20 iyun kuni bolalarni bog‘chaga olib kelgach, 2,5 yoshli qizaloqni mashinada unutib qoldirgan. 6 soat mashina ichida qolib ketgan bola nafas ololmasdan, dimiqib vafot etgan.
Koson tumanidagi xususiy bog‘chalardan birining rahbari jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, 1994 yilda tug‘ilgan Lola Haqnazarova 2024 yilda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil qilib, unga rahbarlik qilib kelgan. U belgilangan talablarga zid ravishda 2022 yil 16 dekabrda tug‘ilgan Zarina Izzatillayevani garchi yoshi yetmasa ham bog‘chaga qabul qilgan.
Lola Haqnazarova haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan holda turmush o‘rtog‘iga tegishli Spark mashinasida har kuni ertalab bolalarni uylaridan bog‘chaga, kechda esa bog‘chadan uylariga tashigan. 2025 yil 20 iyun kuni ham u 7 nafar bolani Spark’ka mindirib, bog‘chaga olib borgan. Bolalarni transport vositasidan tushirish jarayonida 2,5 yoshli Zarina Izzatillayevani mashinada unutib qoldirgan. 6 soat davomida eshiklari va oynalari yopiq holatdagi mashina ichida qolib ketgan qizaloq nafas ololmasdan, dimiqib vafot etgan.
Lola Haqnazarova sudda aybiga iqrorlik bildirgan.
“Bog‘chada 25 nafar bola ro‘yxatdan o‘tgan. Ayrim hollarda tanishlarimning farzandlari ham kelib turishgan. Bolalarni har kuni turmush o‘rtog‘im Spark mashinasida yashash uylaridan olib, bog‘chaga olib kelardi. Ayrim vaqtlarda ushbu mashinada o‘zim ham bolalarni yashash uylaridan bog‘chaga olib kelib-ketib turaman. Lekin mashina boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomam yo‘q.
2025 yil 20 iyun kuni ertalab mahallada yashovchi 7 nafar bolani yashash uylaridan o‘zim mashinada olib chiqdim. Ular orasida Zarina Izzatillayeva ham bor edi. Garchi uning yoshi bog‘cha yoshiga yetmagan bo‘lsa-da, onasining iltimosiga ko‘ra qabul qilganman.
Bog‘chaga kelib, mashinani yo‘l chetida to‘xtatdim. So‘ngra old o‘rindiqda o‘tirgan ikki bolani qo‘limga ko‘tarib, orqa o‘rindiqda o‘tirgan 5 nafar bolani tushirish maqsadida mashina orqa eshigini ochib ko‘ydim. Qo‘limda ko‘tarib olgan ikki bolani yo‘ldan bog‘cha tomonga o‘tkazib qo‘yib, mashina oldiga borayotganimda bolalar o‘zlari tushganini ko‘rdim. Shu payt ulardan ikkisi xarxasha qilishni boshladi. Shu bilan ovora bo‘lib qolib, mashinadan barcha bolalar tushgan-tushmaganiga e’tibor bermabman. Ayni shu kuni tarbiyachi ishga kelmagan, barcha ish o‘zimga qolib ketgandi”, degan u o‘z ko‘rsatmasida.
Shundan so‘ng Lola Haqnazarova tushga qadar bolalar bilan shug‘ullangan. Soat 13:00 larda tushlik qildirib, uxlatishga olib kirgan. Bolalar uxlagach, Zarina Izzatillayevaning yo‘qligini sezib qolgan. Shu vaqtda turmush o‘rtog‘i kelib, mashina kalitini so‘ragan. Shundan so‘nggina qizaloq mashina ichida qolib ketgani ma’lum bo‘lgan.
Qizaloqning onasi sudda bog‘cha rahbarining e’tiborsizligini hech narsa bilan oqlab bo‘lmasligini aytgan va unga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
“Qanday qilib 6 soat davomida o‘zi olib borgan bolaning yo‘qligini bilmaslik mumkin? Hisob-kitob, sanoq bo‘lishi kerak-ku. Qizim bog‘chaga birinchi kun borishi emasdi, bir necha oydan buyon borardi. Qanday qilib bog‘cha rahbari va va tarbiyachilar uning yo‘qligini tushlikka qadar bilmasliklari mumkin? Hech bo‘lmasa tushlik vaqtida e’tibor berish kerak edi-ku. Bu kabi e’tiborsizlikni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi”, degan u.
JIB Dehqonobod tuman sudining 2025 yil 11 sentyabrdagi hukmi bilan Lola Haqnazarova Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik odam o‘limiga sabab bo‘lishi) sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil koloniyada o‘tash belgilangan. Lola Haqnazarovaga qo‘llangan garov ehtiyot chorasi bekor qilinib, u sud zalida qamoqqa olingan.